Ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda “ekologik hudud”ga kirishda qizil va sariq ekostikerli avtomobillar jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya qo‘mitasi hodisaga izoh berdi.
Mas’ul idoralar bu ma’lumotni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, 2028-yildan boshlab “Ekologik transport” tizimi doirasida jarimalar joriy etiladi. Qo‘mita 2026-yil tizimni joriy etish, haydovchilarni xabardor qilish va ekologik madaniyatni shakllantirish davri ekanligini eslatib o‘tdi.
2026-yilda hech kim jarimaga tortilmaydi. Ushbu davr mobaynida har bir haydovchi o‘z avtomobilining texnik holatini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekologik stikerlar berish tartibi tasdiqlangandi. Transport ekologik sinfga qarab uch toifaga bo‘linadi.




















