Alisher Qodirov transport tizimini tanqid qildi
Deputat turizmni rivojlantirish uchun idoralarning yetarlicha ishlamasligidan norozi bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Davlat byudjetining va maqsadli jamg‘armalarning 2025-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi muhokama qilindi. Deputatlar ta’lim, darsliklar, madaniy meros va turizm masalalarini ko‘tardi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, o‘quv yili boshida darsliklar uchun ajratilgan mablag‘larning bor-yo‘g‘i 75 foizi o‘zlashtirilgan, bu esa maktablarda taqchillikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, mamlakatda 7 mingga yaqin davlat bog‘chalari mavjud, biroq maktabgacha yoshdagi bolalar uchun nashr etilgan kitoblar soni 1000 nusxadan oshmaydi, bu ehtiyojni qoplamaydi.
Fraksiya tomonidan maktabgacha yoshdagi bolalarda kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, ta’lim vazirligini yetarli miqdorda bolalar kitoblari va didaktik materiallar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Turizm sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Fraksiya rahbari Alisher Qodirov Transport vazirligi vakillariga Uzbekistan Airways va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aviakompaniyalari tomonidan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va turizmni rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani haqida savol bilan murojaat qildi:
Qachon samolyot va poyezdlarimizga bemalol chipta sotib olish imkoni bo‘ladi? Samolyotlar soni qachon ko‘paytiriladi? Yurtimizning tarixiy va turistik shaharlariga sayyohlar kelyapti, ammo buning uchun infratuzilma yetarli emas. Turistik shaharlarimizga xohlagan paytda samolyotda keta olish imkoni yo‘q, chunki har kunlik reys mavjud emas. Yo‘lovchi oqimi ko‘p, ammo sharoit yetarli emas. Transport vazirligi turizm rivojiga yetarli darajada hissa qo‘shmayapti. Bu borada uzoq yilga mo‘ljallangan strategiyasi ham mavjudligiga shubhamiz bor, — dedi Qodirov.
Deputat, shuningdek, bir qator turistik obyektlar, xususan, ming yillik tarixga ega Sarmishsoy darasiga olib boruvchi yo‘llarning yomon holatda ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muammolarning hal etilishi mamlakatning sayyohlik salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.
Bundan tashqari, Madaniy meros agentligiga ajratilgan mablag‘larning 59 foizi, muzeylarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun esa 18 foizi o‘zlashtirilgani qayd etildi. Deputatlar agentlik vakillaridan izoh talab qilishdi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi idoralarning javoblari eshitilib, byudjet mablag‘larini sarflash samaradorligini oshirish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Izohlar