O‘zbekiston Toshkentdan Isroilga parvozlarni tiklamoqda. Bu haqda Uzbekistan Airways xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent – Tel-Aviv – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar odatdagidek amalga oshiriladi. Dolzarb ma’lumotlarni aviakompaniyaning rasmiy Telegram-kanallari va ijtimoiy tarmoqlari orqali olishingiz mumkin.

Aviakompaniya Yaqin Sharqdagi harbiy eskalatsiya fonida 16 iyundan 30 iyungacha parvozlarni to‘xtatdi. Uzbekistan Airways o‘z qarorini Tel-Aviv xalqaro aeroportida havo hududidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bilan izohladi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush yakunlangandi. Tomonlar AQSH vositachiligida tinchlik shartnomasini tuzgan.