Toshkentning ikki tumani issiq suvsiz qoldi
Mutaxassislar texnik nosozlikni bartaraf etishmoqda.

14-iyul kuni Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari aholisi texnik nosozlik tufayli qisman issiq suvsiz qoldi. Veolia Energy axborot xizmati vaziyatga izoh berdi.
Qayd etilishicha, 1-IM issiqlik manbasidan ta’minlanayotgan R-4-9 magistral issiqlik tarmog‘ining texnik shikastlanish qayd etilgan qismida ta’mirlash ishlarini olib borish uchun soat 10:00 dan 18:00 gacha issiq suv ta’minoti to‘xtatiladi. Tekshiruv davomida armaturaning eskirganligi va issiqlik tashuvchini uzatishni tartibga soluvchi zadvijkani zudlik bilan almashtirish zarurligi aniqlandi.
“Tizimda jiddiyroq avariyalar va uzilishlarning oldini olish maqsadida kompaniya mutaxassislari ta’mirlash vaqtida issiq suv ta’minotini to‘liq to‘xtatgan holda avariya-tiklash ishlarini olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.
Ushbu ko‘chalar va hududlar o‘chiriladi: Sayram, Buyuk Ipak yo‘li, M.Yusuf, Lashkarlar ko‘chalari, Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi, Parkent, Mustaqillik, Qibray, Mirhosilboy, Olchabog‘, Bo‘z, Qalandar, Musovirlar, Chust ko‘chalari, shuningdek, “Riyoziy” mahallasi, Mirzo Ulug‘bek va Botkin ko‘chalari.
Mazkur ishlar kelgusida tizimning uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan zaruriy chora hisoblanadi. Kundalik ishlarni rejalashtirishda buni hisobga olish so‘raldi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raldi hamda tushunish va sabr-toqat uchun minnatdorchilik bildirildi.
Barcha ishlar yakunlangach, issiq suv ta’minoti to‘liq hajmda tiklanadi.
Izohlar