O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi va Angliyaning “Manchester Siti” klubida o‘ynovchi Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchilaridan biriga aylangani Germaniyaning Transfermarkt futbol portalida e’lon qilingan ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 21 yoshli futbolchi 35 mln yevroga baholanmoqda. Qayd etilishicha, oktyabr oyidagi yangilanishdan keyin Myunxenning “Bavariya” klubi himoyachisi Kim Min Chjening narxi 40 mln yevrodan 32 mln yevroga tushgan. Shuningdek, “Brayton” futbolchisi Kaoru Mitomaning ham narxi 40 mln yevrodan 35 mln yevroga tushib ketdi.
Shunday qilib, Abduqodir Husanov Kaoru Mitoma bilan tenglashib, Osiyoning eng qimmat sportchilari orasida yetakchi o‘rinni egalladi. Ro‘yxat quyidagicha tuzildi:
- Abduqodir Husanov — “Manchester Siti” — 35 mln yevro;
- Kaoru Mitoma — “Brayton” — 35 mln yevro;
- Kim Min Chje — “Bavariya” — 32 mln yevro;
- Takefusa Kubo — “Real Sosedad” — 30 mln yevro;
- Kaisu Sano — “Mayns” — 25 mln yevro;
- Li Kan In — “Pari Sen-Jermen” — 25 mln yevro;
- Ritsu Doan — “Frayburg” — 25 mln yevro;
- Zion Sudzuki — “Parma” — 20 mln yevro;
- Son Hyon Min — “Los-Anjeles” — 20 mln yevro;
- Xiroki Ito — “Bavariya” — 18 mln yevro.
Avvalroq o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov o‘yin vaqtida jarohat olgani haqida xabar berilgandi. Shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, terma jamoa himoyachisi CAFA Nations Cup turnirida ishtirok eta olmaydi.





















