Abbosbek Fayzullayev “SSKA”dan Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubiga o‘tdi — video
Avvalroq ushbu klubga Eldor Shomurodov ham kelib qo‘shilgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubiga o‘tdi, deya xabar bermoqda klub matbuot xizmati.
Turk klubi yarim himoyachini Moskvaning “SSKA” klubidan 7,5 mln yevroga sotib oldi. Fayzullayev ular bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. 2023-yil avgust oyida “Paxtakor”dan “SSKA”ga o‘tgan o‘zbekistonlik legioner qisqa vaqt ichida Rossiya Premyer-ligasining yetakchi o‘yinchilaridan biriga aylandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, u so‘nggi ikki mavsumda “armiyachilar” hujum chizig‘ida asosiy figuraga aylangan — jamoaning aksariyat hujumlari aynan Abbosbek ishtirokida tashkil etilgan. Futbolchi “SSKA” tarkibida 2 mavsum o‘tkazib, 72 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol urgan va 22 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U Turkiya chempionatida Eldor Shomurodov bilan bir jamoada to‘p suradi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov ham biroz avval Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubiga o‘tgandi. 29 yoshli futbolchi bilan shartnoma 2025/26-yilgi mavsum yakuniga qadar ijara asosida tuzilgan. 2021-yilda futbolchini “Roma” sotib olgandi, ammo u rimliklar safida mustahkam o‘rnashib ololmagan.
Izohlar