O‘zbekistonda 2025-yilda 1,1 million oila isitish mavsumida 1 million so‘mlik moddiy yordam olishi kerak, deya xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 822 ming nafari ijtimoiy reyestrda, yana 290 ming nafardan ortig‘i “Mahalla yettiligi” tizimi orqali qo‘shimcha aniqlangan. Qayd etilishicha, qo‘shimcha ro‘yxatga yana 10 ta oila toifasi kiritiladi:
- tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lgan oilalar — 76,3 ming;
- faqat pensiya hisobidan yashovchi oilalar — 69,7 mingta;
- boquvchisi mehnat migratsiyasida bo‘lgan oilalar — 34,7 ming;
- boquvchisini yo‘qotganlar — 33,8 ming;
- og‘ir kasallikka chalingan shaxs yashaydigan oilalar — 23,7 ming;
- yolg‘iz keksalar — 7 ming nafar;
- gaz tarmog‘iga ulanmagan oilalar — 2 mingta;
- bitta uyda uchtadan ko‘p yashaydigan oilalar — 26,2 mingta;
- vaqtincha ishsizlar — 15,1 ming;
- yolg‘iz yashovchi shaxslar — 2,3 ming nafar
Qayd etilishicha, ushbu dastur doirasida hokimiyat Davlat byudjetidan jami 1,2 trln so‘m ajratishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda ayrim ayollarga uy-joy ijarasi kompensatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Mamlakatda kambag‘allarni yangicha qo‘llab-quvvatlash boshlanadi.






















