O‘zbekistonda zo‘ravonlik tufayli oiladan olib qo‘yilgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati tashkil etiladi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2026-yil 1-fevraldan ish boshlaydi. Dasturga zo‘ravonlik tufayli oilalardan olib qo‘yilgan, shuningdek, xavf ostida bo‘lgan va ijtimoiy xavfli vaziyatda bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Bolalar «Inson» markazlari bilan tuzilgan shartnoma asosida professional tutingan oilalarga joylashtiriladi.
Qayd etilishicha, bunday tutingan ota-onalarga har bir tarbiyalanuvchining parvarishi uchun har oyda MHEKMning 2 baravari miqdorida to‘lov to‘lanadi. Shuningdek, hokimiyat bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning ta’minoti uchun oilaviy bolalar uylarida bolalarni saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mablag‘ ajratadi.
Bunda, professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar zo‘ravonlik oqibatida bolalarga yetkazilgan ruhiy jarohatlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.
Shuningdek, mamlakatda 2026-yil 1-martdan “Mehrli xonadon” deb nomlangan tizim ish boshlaydi. U «Inson» markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun tashkil etiladi. Dasturda ishtirok etish uchun ota-onalar viloyatlar va Toshkent shahridagi bolalar ishlari bo‘yicha komissiyalarning qarorlari asosida jalb etiladi. Hukumat ularga farzandlarining oilalari bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga yordam berish uchun bepul «oilaviy terapiya» xizmatlarini taqdim etadi.
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan hokimiyat organlari zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, shuningdek zo‘ravonlik guvohi bo‘lgan bolalarga huquqiy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, endilikda bolalarning birlamchi ko‘rsatuvlari videotasvirga tushiriladi, ta’lim, sog‘liqni saqlash yoki ijtimoiy soha xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan aniqlangan zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
Avvalroq tarmoqlarda bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qayta malakalanishi haqida xabar berilgandi. Senat bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni ma’qullagan.























