Zapravkalarda o‘zingizni qanday himoya qilishingiz mumkin? — FVV javobi
O‘zbekistonda bir hafta ichida gaz quyish shoxobchalarida birdaniga ikkita yirik portlash va yong‘in sodir bo‘ldi.

13-avgust kuni FVV o‘zbekistonliklarga avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchasida o‘zini qanday himoya qilish kerakligini tushuntirdi.
Qonunchilikka ko‘ra, yoqilg‘i quyish shoxobchasi hududida gaz sizib chiqishi aniqlansa, quyidagilar zarur:
- hududda begona shaxslarning bo‘lmasligini ta’minlashi;
- stansiya hududidagi va undan 50 metr radiusdagi barcha avtomobillarning dvigatellari o‘chirilganligini nazorat qilish;
- yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralarini ko‘rish kerak.
AYQSH va AGTKSHlarda (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida) quyidagilar taqiqlanadi:
- maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish;
- texnik ko‘rikdan o‘tkazish muddati o‘tgan ballonlarni to‘ldirish;
- AYQSH/AGTKSH faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni bajarish;
- suyultirilgan gazni avtosisternadan rezervuarga to‘kish vaqtida gaz ballonli avtomobillarga gaz quyish (bu vaqtda obyekt hududida taqiqlovchi belgi o‘rnatilishi kerak);
- suyultirilgan gaz quvurlaridan yerga ulash o‘tkazgichlari sifatida foydalanish;
- zichlash materiallari yeyilgan yoki germetikligi buzilgan suyultirilgan gazni quyish uchun nasoslar va kompressorlardan foydalanish. Bunda nasoslarning zichlovchi materiallari va germetiklovchi elementlari moy va benzin ta’siriga chidamli bo‘lishi kerak;
- dvigatel ishlab turganda, shuningdek, agar ballonlar avtomobilning bagaj bo‘limida bo‘lsa, kapot va bagaj yopiq bo‘lganda gaz ballonli transport vositalariga yonilg‘i quyish;
- bosim ostida bo‘lgan gaykalar yoki birikmalarni tortish, shuningdek ularga metall buyumlar bilan urish.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir hafta ichida gaz quyish shoxobchalarida birdaniga ikkita yirik portlash va yong‘in sodir bo‘lgandi. Birinchi portlash Samarqanddagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan, u yerda uchta avtomobil yonib ketgan.
Ikkinchi portlash Surxondaryoda yoqilg‘ini avtosisternadan yoqilg‘i saqlash rezervuariga haydashda texnologik jarayonning buzilishi natijasida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari yetib borib, yong‘in 15 daqiqada o‘chirilgan.
Izohlar