Toshkent viloyatida Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi tomonidan havoning ifloslanishi aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi.

Ma’lum bo‘lishicha, stansiyaning ishlash jarayonida ifloslantiruvchi moddalar hosil bo‘ladi va atmosferaga chiqariladi. Korxonadagi mavjud chang-gaz tozalash uskunalari havoni yetarli darajada tozalamaydi. Mutaxassislar kompensatsiya hisob-kitobini amalga oshirib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishdi. Kompensatsiya miqdoriga aniqlik kiritilmagan.

Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldini olish va ularning aholi hayotiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident issiqxonalarning havoga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizlik masalasi ekanini aytgan.