Ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslar yoqilg‘i quyish shoxobchalarida turishga majbur bo‘layotgani, buning oqibatida yo‘llarda jamoat transporti kamaygani haqida ma’lumotlar tarqaldi. “Toshshahartransxizmat” hodisaga izoh berdi.

Toshkentda mingdan ortiq metan bilan ishlaydigan avtobuslar qatnaydi. Ilgari ularni yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali amalga oshirilgan. Havo sovib ketayotgani, aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik ahamiyatga ega obyektlarni bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash zarurati tufayli jamoat transportiga xizmat ko‘rsatuvchi AGTKShlar soni vaqtincha 11 tagacha qisqartirildi.

Mavjud bekatlar uchun maxsus ro‘yxat tasdiqlangan, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalariga avtobuslarni olib kelish jadvali ishlab chiqilgan. Biroq, AGTKShgacha bo‘lgan masofaning uzayishi, qish mavsumida gaz iste’molining ortishi va magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi yoqilg‘i quyish vaqtining ko‘payishiga va navbatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi.

Vaziyatni barqarorlashtirish, yo‘nalishlarda avtobuslar harakatini saqlab qolish va intervallarga rioya qilish, shuningdek, yo‘lovchilarga uzluksiz transport xizmati ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida 24 soatlik navbatchilik tashkil etildi, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, “Toshshahartransxizmat” avtobus haydovchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijtimoiy tashabbusni yo‘lga qo‘yib, ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoqilg‘i quyish shoxobchalarida issiq ovqat tashkil etdi. Yonilg‘i quyish shoxobchasida navbat kutish vaqtini qisqartirish maqsadida xodimlar uchun katta qozonlarda palov tayyorlanib, har bir kishiga tarqatildi.

Tadbir haydovchilarning motivatsiyasini oshirish, ularning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini e’tirof etish hamda yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Kompaniya rahbariyati va avtobus saroylari boshliqlari shaxsan AGTKShlarga borib, haydovchilar bilan suhbatlashdi va ularning takliflarini tingladi. “Toshshahartransxizmat” haydovchilar tarkibining mehnat sharoitlarini yaxshilash va tashish jarayonining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi, — deyiladi xabarda.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” rahbari gaz taqchilligi bilan bog‘liq muammolar fonida ishdan olingani xabar qilingandi. Tashkilotga “O‘zbekgidroenergo”ning sobiq raisi rahbarlik qiladi.