O‘zbekiston

Toshkent viloyatida onasi va o‘gay otasi tomonidan tahqirlangan bolakay uydan qochib ketdi

Bolaga qo‘shnisi yordam bergan, u huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Bolalar ombudsmani idorasida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida bola uydan qochib ketgani bilan bog‘liq holat haqida ma’lumot berildi.

Yetti yoshli bola yarim tunda uydan qochib ketgan va qo‘shnilardan yordam so‘ragan, ularga onasi va o‘gay otasi tomonidan doimiy ravishda yomon munosabat va kaltaklash holatlari haqida gapirgan.

Qo‘shnisi huquq-tartibot xodimlariga murojaat qildi. Bolaning ota-onasiga bolalarni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Voqeaga “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi ham aralashgan.

“Shuningdek, ona va o‘gay otaga bola “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun doirasida davlat himoyasida ekanligi tushuntirilib, o‘g‘liga nisbatan har qanday nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilsa, javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgan”, — deyiladi xabarda.

Oilaga nisbatan ijtimoiy ish qo‘zg‘atilib, bolani himoya qilish choralari ko‘rilmoqda, deya qayd etdi Bolalar ombudsmani idorasi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная