Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi sammitda ishtirok etib, Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasida investitsiya, savdo, energetika, texnologiya va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham ishtirok etdilar. “C5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbari bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish taklif qilindi. Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish dolzarb ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSH bilan faol ishlashga tayyorligini bildirdi.
Muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qo‘mitani tuzish taklif qilindi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqa qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun AQSH texnologiyalarini joriy etishni taklif qildi. Agrotexnologik innovatsiyalar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston prezidenti AQShning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniy merosi qo‘shma ko‘rgazmasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari navbatdagi sammitni Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Tadbirda boshqa yetakchilar ham so‘zga chiqdi. Sammit yakunida ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: Samolyotlar, paxta, noyob elementlar: O‘zbekiston AQSH bilan salmoqli savdo hujjatlari paketini imzoladi Tomonlar, shuningdek, SI sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.




















