Shavkat Mirziyoyev Namangandagi mahallaga borib, aholi bilan suhbatlashdi
Prezident sharoiti og‘ir mahallaga bordi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi, ularning muammo va takliflarini eshitdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Ayni paytda hudud obodonlashtirishga muhtoj. Xususan, ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak, shuningdek, mahallada ko‘chalarni yoritish va kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Mahalla hududida 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ulardan 62 nafari kam ta’minlangan oilalar, 118 nafari ishsiz, 157 nafari mamlakat tashqarisida ish bilan ta’minlangan.
Shu bilan birga, mahallaning tumanlararo yo‘l yoqasida joylashgani tadbirkorlik, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani, bo‘sh turgan binolardan davlat-xususiy sheriklik asosida samarali foydalanish mumkinligi ta’kidlandi.
Endi bu mahallani tubdan o‘zgartirib, “Yangi O‘zbekiston” nafasini olib kiramiz. Ko‘chalar obod qilinib, qiyofasi yangilanadi. Odamlarning yashashi, sayr qilib, bolalari bilan dam olishi uchun munosib sharoitlar bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Jumladan, unga shahar muhitini olib kirish va tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. U asosida joylar tayyor loyiha va infratuzilma bilan tashabbuskorlarga taklif etiladi. Natijada mahallaning salohiyati oshib, atrofdagi 5 ta mahalla uchun markazga aylanadi.
Zamonaviy mahalla guzari va sayilgoh barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil qilinadi. Maktab va bog‘chalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlanadi. Ko‘chalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar o‘z uylarini tartibga keltiradi.
Umuman, butun mamlakatimizda quyi tizimda ishlarni “jonlantirish” bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani aytildi. Tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun budjetdan jami 5 trillion so‘m ajratiladi. Jumladan, Namanganda Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan yo‘naltirilib, ularni mehnatda namunali, hayoti farovon, tadbirkorlikda yetakchi hududga aylantirish choralari ko‘riladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini rivojlantirish bo‘yicha reja va loyihalarni o‘rgangani haqida xabar berilgandi. Hukumat qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishni kuchaytirishni, shuningdek, konlarni o‘zlashtirishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.
Izohlar