Prezident noqonuniy yer ajratish holatlariga barham berish bo‘yicha topshiriq berdi
Davlat rahbari kadastr, “O‘zbekkosmos”, qurilish va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlarini tekshirib, tahlil qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar haqidagi taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, barcha korrupsiya holatlarining 75 foizi asosan shahar va tumanlar darajasida yuzaga keladigan maishiy korrupsiya bilan bog‘liq.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida prezident ushbu illatga barham berishga erishish vazifasini qo‘ydi. Bosh prokuraturada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil qilish bo‘yicha maxsus bo‘lim tashkil etildi. Korrupsiya sabablari va shart-sharoitlari hududlarga chiqqan holda tizimli o‘rganilmoqda.
Prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-ta’lim markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilmiy tahlil va tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqda. Umuman olganda, huquq-tartibot organlarida 100 mingdan ortiq xodim korrupsiyaning oldini olish ishlariga jalb etilgan.
Qayd etilishicha, aksariyat hollarda korrupsiyaning sabablari bilan emas, uning oqibatlari bilan kurashilmoqda. Korrupsiya uchun shart-sharoitlarni butunlay istisno qiladigan profilaktika choralari hali yetarli emas. Fuqarolar har kuni murojaat qiladigan idoralar — hokimliklar, kadastr, bank va soliq idoralarida haligacha byurokratiya va korrupsion bo‘shliqlar saqlanib qolmoqda. Taqdimotda ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mamlakatda 43 ta nazorat organi faoliyat ko‘rsatmoqda. Barcha vazirliklarda komplayens-bo‘linmalar tashkil etilgan. Ularning ish samaradorligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyati ham tanqidiy baholandi.
Prezident davlat idoralari faoliyatiga nafaqat korrupsiya darajasining pasaygani, balki uning qancha ko‘rinishining oldi olinganiga qarab baho berish kerakligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda yer ajratishning shaffof tizimi joriy etilgan bo‘lsa-da, joylarda noqonuniy xatti-harakatlar hali ham qayd etilmoqda. Shu bois kadastr xizmati, “O‘zbekkosmos”, qurilish va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish, barcha sohalarda raqamli nazoratni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston davlat organlari korrupsiyaga nisbatan murosasizlikka o‘rgatiladi. Prezident davlat ulushi 50 foiz bo‘lgan idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Izohlar