Meteonova ma’lumotlariga ko‘ra, 12-noyabr kuni O‘zbekistonda kuchli “qizil darajali” magnit bo‘roni bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, geomagnit g‘alayonlar kuchi 5 ballni tashkil etadi. Geozarbalar soat 05:00 da bo‘lishi kutilmoqda, shundan so‘ng ko‘rsatkich 3 ballgacha pasayadi. 13-noyabrga kelib, bo‘ron intensivligi 3 ball darajasida saqlanib turadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, magnit bo‘ronlarining ta’sirini yurak-qon tomir kasalliklari, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan og‘rigan odamlar, bundan tashqari, ob-havoga sezgir va meteopatiya (ob-havo sharoiti tufayli og‘riq) alomatlarini boshdan kechirayotgan odamlar eng ko‘p his qilishadi.
Avvalroq sinoptiklar O‘zbekistonda 2025-yil oktyabr oyi barcha yillardagi eng quruq va issiq ob-havo kuzatuvlaridan biri bo‘lganini ma’lum qilgandi. Kuzning ikkinchi oyi quruq keldi, hududning katta qismida yog‘ingarchilik me’yordan ancha kam bo‘lgan.





















