13-oktyabr kuni O‘zbekistonga Xitoydan 202 ta yangi Yutong elektrobuslari olib kelindi, deb xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” axborot xizmati.

Transport vazirligi rahbari Ilhom Mahkamov yangi harakat tarkibini qabul qilib olgan “Toshshahartransxizmat” haydovchilari va jamoasini tabrikladi. Ma’lum qilinishicha, 2030-yilga qadar Toshkent shahar jamoat transportida elektrobuslar ulushini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Yangi ekologik toza elektrobuslar shahar ekologiyasini yanada yaxshilash, jamoat transporti tizimini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi. So‘nggi yillarda poytaxt jamoat transporti harakat tarkibini yangilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida avtobuslardan atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori oyiga 93,3 tonnaga kamayishiga erishildi, — deyiladi xabarda.