Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonda qariyb 2 ming kishi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan 184 nafar shaxs sudlangan. Ularning 114 nafari ozodlikdan mahrum etilgan, yana 70 nafariga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Qayd etilishicha, 2024 yilning shu davrida ushbu modda bilan 196 nafar shaxs sudlangan: ularning 135 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 61 nafariga boshqa jazolar tayinlangan.
Shuningdek, 211-modda (pora berish) bo‘yicha yil boshidan beri 1801 kishi javobgarlikka tortildi. Ularning 465 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazolar, 1 ming 336 nafariga esa boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 2024-yilning shu davrida huquq-tartibot idoralari ushbu modda bo‘yicha 1991 kishiga nisbatan ish qo‘zg‘atgan: ulardan 651 nafari ozodlikdan mahrum etilgan, 1340 nafari esa ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan.
Avvalroq Toshkentda soliq inspeksiyasining ikki katta inspektori pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Inspektorlar soliq qoidabuzarliklari uchun jarima solmaslik uchun tadbirkordan pul talab qilgan.






















