O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Mukofot summasi qoidabuzardan undirilgan jarimadan hisoblanadi.

O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, buning uchun fuqarolar videotexnika vositalari yordamida huquqbuzarlikni qayd etib, materiallarni “Geomonitoring” tizimi orqali Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida nazorat inspeksiyasiga yuborishlari kerak bo‘ladi.
Bunda foto va video materiallar huquqbuzarlik faktini, huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqtni, shuningdek, agar mavjud bo‘lsa, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak. 15 kun ichida yuborilgan materiallar mas’ul organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Jinoyat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan:
- keng tarqalgan noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish yoki tashishni qayd etganlik uchun — huquqbuzardan undirilgan jarima summasining BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida;
- foydali qazilmalarni qazib olish va mineral xomashyoni qayta ishlash sohasidagi boshqa huquqbuzarliklarni qayd etganlik uchun — huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 5 foizi miqdorida.
Avvalroq O‘zbekistonda raqobatga qarshi kelishuvlar va harakatlar holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchun shaxslarni rag‘batlantirishga qaror qilingani haqida xabar berilgandi. Prezident qonun buzilishining oldini olish, shaffof muhitni shakllantirish muhimligini ta’kidlagan.
Izohlar