O‘zbekistonda Kasbiy ta’lim agentligi paydo bo‘ladi, u texnikumlar ishini muvofiqlashtiradi va bitiruvchilarga sertifikat va diplomlar beradi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tashkilot Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida tashkil etiladi. Agentlik direktori Azimjon Husanov bo‘ladi. KTA mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha 643 ta texnikum ishini muvofiqlashtirishi, shuningdek, ularning bitiruvchilari va davlat standartlari asosida faoliyat yuritayotgan o‘quv kurslari talabalariga davlat namunasidagi diplom va sertifikatlar berishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tashkilot kasb-hunarga o‘qitish dasturlari, malaka darajalari, o‘qish muddatlari va bitiruvchilar bilimini baholash mezonlariga talablarni belgilaydi. Bundan tashqari, mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, texnikumlarga qabul parametrlarini tasdiqlash ham agentlik vazifasiga kiradi.
KTAning vazifalari dual ta’limni rivojlantirish va texnikumlar va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, o‘quv jarayoniga interaktiv, raqamli va innovatsion o‘qitish texnologiyalarini joriy etishdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari, texnikumlar, ularning laboratoriya va ustaxonalarini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Bunda agentlik texnikum direktorlari va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish huquqiga ega bo‘ladi. Qayd etilishicha, 2026-yildan boshlab kasb-hunarga o‘qitish sohasidagi texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa vazifalar uchun Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish jamg‘armasiga davlat byudjetidan har yili 600 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda pedagoglarni sirtdan o‘qitish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Pedagogika texnikumlariga xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi.
























