Shavkat Mirziyoyev 14-oktyabr kuni mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish va joylardagi ishlarni tashkil etish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Sentyabr oyida “Ochiq byudjet” loyihasiga yangi tizim kiritildi. Unga ko‘ra, aholining o‘zi o‘z mahallalaridagi loyihalarga faol yordam bera boshlaydi. Qaysi mahallada yo‘l, suv, maktab, bog‘cha ta’mirlansa, xarajatning yarmini davlat qoplaydi. Buning uchun 2026-yilda 500 milliard so‘mlik minglab loyihalar ajratiladi.
Shuningdek, 2025 yildan boshlab, Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘lash darajasiga qarab, “Eng yaxshi mahalla soliq to‘lovchisi” reytingini e’lon qilib boradi. Yangi tizim bo‘yicha 100 talikka kirgan mahallalarda infratuzilma xarajatlarining 75 foizi byudjetdan qoplab beriladi. Ushbu mahallalarning har biriga 2 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish qoidabuzarliklari uchun jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi. 2026 yildan boshlab har yili mahalla byudjetiga 200 mlrd so‘mdan ajratiladi.
Yuqoridagi 5 ta manbadan 2026-yilda 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m ajratyapmiz, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning ayrim mahallalarida IIB boshliqlari va prokurorlar uchun kabinetlar paydo bo‘ladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ish kunini shu yerda boshlab, shu yerda tugatishi, profilaktika ishlari va huquqbuzarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam o‘rganib borishi kerak bo‘ladi.





















