O‘zbekiston

O‘zbekistonda Rossiyaning yangi elchisi qabul qilindi

Aleksey Yerxov TIV rahbari Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.

Rossiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Aleksey Yerxov mamlakat tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, vazirlik rahbari ikki tomonlama kun tartibini ilgari surish va barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda yaqin hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdi.

Baxtiyor Saidov yangi elchiga O‘zbekistondagi muhim diplomatik missiyasi va samarali faoliyatiga yangi muvaffaqiyatlar tiladi. Aleksey Yerxov 2021-yildan beri mamlakatda elchi bo‘lib ishlagan Oleg Malginovdan keyin lavozimni egalladi. Uni ozod qilish to‘g‘risidagi farmonni Vladimir Putin 5-sentyabr kuni imzolagan.

Bungacha Aleksey Yerxov 2017-yildan beri Rossiyaning Turkiyadagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilib kelayotgandi. 2020-yil fevral oyida elchi ushbu mamlakatda unga tahdidlar bo‘layotgani haqida bir necha bor bayonot bergan edi. 2025-yil 11-iyun kuni u Turkiyada jami 14 yil davom etgan ishini yakunlaganini e’lon qildi.

Avvalroq TIV rahbari Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Baxtiyor Saidov O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная