O‘zbekiston

O‘zbekistonda portlovchi va zaharli moddalar aylanmasiga qo‘yiladigan talablar yanada qat’iylashtiriladi

Mahsulotlar bilan ba’zi harakatlarni FVV bilan kelishishga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda portlovchi va zaharli moddalar aylanmasiga qo‘yiladigan talablar kuchaytiriladi, deb yozadi Norma.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangiliklar 2025-yil 1-avgustdan kuchga kiradi. Xususan, endilikda portlovchi va xavfli moddalarni, shuningdek, portlatish materiallari va vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish uchun litsenziya olishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishish kerak bo‘ladi.

Bunda litsenziyalashda quyidagi talablarga rioya etish zarur:

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan normalar;
  • Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ko‘rsatib o‘tilgan moddalar va buyumlarni faqat maxsus transport vositalarida tashishga doir talablari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligining organizmga ta’sir ko‘rsatish darajasi bo‘yicha zaharli moddalarni tasniflash to‘g‘risidagi nizomlari (I – o‘ta xavfli, II – yuqori xavfli, III – o‘rtacha xavfli), shuningdek obyektning sanitariya-muhofaza zonasi bo‘yicha normalar;
  • FVVning ushbu moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha talablari.

Bundan tashqari, hukumat yong‘in yoki portlash xavfini keltirib chiqaradigan kimyoviy moddalar, shuningdek, zaharli birikmalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham tasdiqladi.

Avvalroq Transport vazirligi yuk tashuvchilarga ogohlantirish bilan chiqqandi. Tadbirkorlar Qirg‘iziston orqali Xitoyga tovarlarni tashishda blankalardan to‘g‘ri foydalanishga chaqirilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная