O‘zbekistonda Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga bo‘ysunmaslik uchun jazo kuchaytirildi
Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar huquq-tartibot idoralari xodimlarining talablariga kamroq bo‘ysuna boshlagan.

O‘zbekistonda IIO va Milliy gvardiya xodimlariga bo‘ysunmaslik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda:
- IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun endi BHMning 5 baravaridan 12 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 944 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi. Ilgari eng kam jarima miqdori BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) edi;
- xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida sodir etganlik uchun — BHMning 12 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 944 ming so‘mdan 12 mln 360 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq. Ilgari eng yuqori jarima BHMning 15 baravari (6 mln 180 ming so‘m) edi.
Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda fuqarolar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar talablarini bajarmaslik holatlari ko‘paygan. 2024-yilda ushbu huquqbuzarlik bilan bog‘liq 85 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bolalar ko‘proq jinoyat sodir eta boshlagan. Huquqbuzar ayollar soni kamayib bormoqda.
Izohlar