Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv doirasida AQSH prezidenti Markaziy Osiyo buyuk va go‘zal tarixga ega ekani, mintaqaning Yevroosiyodagi markaziy o‘rni unga ulkan strategik ahamiyat va beqiyos salohiyat bag‘ishlashini ta’kidladi.

Biz AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlaymiz. Ayrim yetakchilar bilan munosabatlar allaqachon mustahkamlangan va Markaziy Osiyo kelajakda eng muhim mintaqalardan biriga aylanadi, — dedi Tramp.

Shavkat Mirziyoyev sakkizta harbiy mojaroni to‘xtatishda Donald Trampning rolini ta’kidlab, O‘zbekistonda AQSH rahbarini “tinchlik prezidenti” deb atashlarini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp bir vaqtning o‘zida bir nechta davlat va hukumat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa-da, 2025-yilda AQSH prezidenti tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kirita olmadi. Donald Tramp nomzodini O‘zbekiston prezidenti ham qo‘llab-quvvatlagan.