Gulistonda jamoat transporti ekologik toza avtobuslar bilan to‘liq yangilandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Guliston shahrida jamoat transportida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida zamonaviy avtobuslar yetkazib berish davom ettirilmoqda. Mahalliy yo‘lovchi tashishni ta’minlash kompaniyasi 52 ta zamonaviy YUTONG rusumli avtobuslarni xarid qildi.
Joriy yil boshidan buyon shaharga olib kelingan avtobuslar soni 72 taga yetdi. Ushbu avtobuslar 7 ta shahar ichi yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Avvalroq O‘zbekistonga Xitoydan yuzlab yangi Yutong elektrobuslari olib kelingani haqida xabar berilgandi. 2030-yilga qadar Toshkent shahri jamoat transportida ushbu avtobuslar ulushini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.




















