Toshkentda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning Nyu-York meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Tomonlar megapolislarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shaharlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba almashdilar, shuningdek, shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar. Shahar hokimi delegatsiyani “Toshkentni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”ning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.
Yirik shaharsozlik va investitsiya loyihalari taqdim etildi:
- “Yangi Toshkent”;
- “Yangi avlod” sanoat zonasini tashkil etish;
- yangi jamoat joylarini rivojlantirish.
Tomonlar Toshkent shahrida transport tizimi, logistika, uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni alohida muhokama qildi. Shuningdek, Marriott, Wendy’s, Pepsi (AQSH), DP World (BAA), VEOLIA (Fransiya) va boshqa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.
Nyu-York meri O‘zbekistondagi o‘zgarishlar sur’atini yuqori baholadi va Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ko‘lamidan hayratda ekanini bildirdi. U O‘zbekiston poytaxtining rivojlanishi to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani va xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi. Erik Adams ikki shahar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi va bu galgi tashrif Toshkentda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish imkonini berishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar shaharlarni kompleks rivojlantirish, madaniyat, innovatsiyalar va iqtisodiyot sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun asos bo‘ladigan Toshkent va Nyu-York shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Yevropa va AQSH bozorlariga kiyim-kechak eksportini oshirishni rejalashtirmoqda. Prezident Sent-Luis va Nyu-York shaharlarida ikkita savdo uyi ochish bo‘yicha topshiriq berdi.





















