Mirziyoyev Toshkent bo‘ylab sayr qildi va gastroturizm obyektlari bilan tanishdi
Davlat rahbari avtoturargoh va bekatlar taqdimoti bilan ham tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu safargi yo‘nalish Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini qamrab oldi. Ularni Bunyodkor ko‘chasi bog‘lab turadi. Ushbu markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan.
Qayd etilishicha, bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi. Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yo‘l bo‘yi obod qilingan. Ajoyib landshaft dizayni, favvoralar, turfa chiroqlar hududga yanada ko‘rk bag‘ishlagan. Odamlar sayr qilishi, ovqatlanishi, mazmunli dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Shu maqsadda bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik subyekti tun-u kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etildi. 500 kishi ish bilan ta’minlandi.
Ko‘chaga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu o‘zgarishlar, avvalo, shu insonlar turmushida seziladi. Qolaversa, hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyurmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 millionga yetkazish uchun sharoit bor.
2024-yilda xorijiy sayyohlar soni birinchi marta 10 million kishidan oshdi. Hududlarda turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda, turizm qishloqlari, mehmon uylari va gastronomik ko‘chalar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum ko‘chalar tashkil etilgan. Bunyodkor ko‘chasi mazkur turizm halqasining bir qismi bo‘ladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta ko‘chani tun-u-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasi tunu kun ishlaydigan gastronomik ko‘chaga aylantirilishi haqida xabar berilgandi. Ayni paytda hududda infratuzilma yangilanib, qulay va xavfsiz piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda.
Izohlar