Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar davomida prezidentlar O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Joriy yil sentabr oyida Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, “C5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning o‘tkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.
Donald Tramp shu kunlarda O‘zbekiston yetakchisi AQSH hukumati vakillari, yirik kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazganini olqishladi. Yetakchilar qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari AQSH yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.























