Kosmik monitoring minglab gektar maydonda soxta ekinlarni aniqladi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi hisobotlarini tekshirish uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish boshlandi.

Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun ajratilayotgan davlat kreditlaridan qanday foydalanilayotganini masofaviy monitoring qilish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bunga kosmik tahlil natijalari sabab bo‘ldi: ikki yil ichida sun’iy yo‘ldoshlar yordamida 4 million gektar ekin maydoni tekshirildi. Bir qator holatlarda hisobotlar va haqiqiy ma’lumotlar o‘rtasida nomuvofiqliklar qayd etildi — masalan, paxta qog‘ozda ko‘rsatilgan, ammo dalada yo‘q.
Shuningdek, suv taqsimoti bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi. Bugungi kunda sug‘orishda suv sarfi me’yorlari eskirgan hisob-kitoblar bo‘yicha hisoblanadi. Buning oqibatida kanallarning quyi qismida ishlayotgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti. Prezident gidromodul rayonlashtirish tizimini qayta ko‘rib chiqib, suvni konturma-kontur hisobga olish, barcha suv omborlarida “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, prezident quyidagilarni topshirdi:
- fermerlarning yer, subsidiyalar va ekish ma’lumotlari bilan ishlashi uchun “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasini ishga tushirish;
- agrar tarmoqda dronlardan foydalanishni kengaytirish (kuzda 100 dona kelishi kutilmoqda);
- poxolni yoqishni taqiqlashni ishlab chiqish;
- kadastr, yerdan foydalanish va yer qa’rini o‘rganish uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish.
Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov rahbarligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzildi. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratiladi.
Avvalroq prezident issiqxonalarning havoga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizlik masalasi ekanini aytgan.
Izohlar