O‘zbekiston

Kobul Tursunov UzIMEI tizimidagi muammolar tufayli Raqamli texnologiyalar vazirligiga senator so‘rovi yubordi

Senator platformalardagi texnik muammolar, narxlarni oshirish va ro‘yxatga olishdagi byurokratik talablarni yumshatish masalalarini ko‘tardi.

Фото: Ситуативное

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov mobil qurilmalarni IMEI-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti yuzasidan senator so‘rovi yubordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, senator raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga mobil qurilmalarni IMEI-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimida yuzaga kelayotgan qator muammolar yuzasidan o‘z so‘rovini yuborgan. Xususan, mamlakatda bunday amaliyot 2019-yildan boshlab joriy etildi va 2024-yildan boshlab O‘zbekistonga mobil qurilmalarni olib kirishda majburiy deklaratsiyani to‘ldirish talab etiladi.

Shu bilan birga, agar deklaratsiya to‘ldirilmagan bo‘lsa, kiruvchilar qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida to‘lov qilishlari kerak bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida fuqarolar uchun noqulayliklarga olib keladi. Masalan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va “BIRDA” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati cheklangani sababli ayrim hollarda xizmatlar narxi sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi, shuningdek, ushbu jarayonni faqat qurilmaning dastlabki ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyida amalga oshirish zarurati ham fuqarolarga qo‘shimcha qiyinchiliklar va ortiqcha moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarmoqda.

Shu munosabat bilan vazirdan 10 kun muddatda uzimei.uz, my.gov.uz platformalari va “BIRDA” mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, shuningdek, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish va UzIMEI tizimidagi byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘raldi.

Avvalroq O‘zbekistonda yangi telefonlarni olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish majburiy qilib qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Aks holda, foydalanuvchilar qurilmani UzIMEI’da ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydilar, shuningdek, boj to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная