O‘zbekistonda elektron platforma ishga tushiriladi, uning yordamida kichik korxonalar mehnat shartnomalarini onlayn tuzishlari va bekor qilishlari mumkin bo‘ladi, deb xabar berdi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Davlat rahbari kichik korxonalar, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida mehnat munosabatlarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yangi elektron platforma ishga tushirilib, xodimlar soni 50 nafargacha bo‘lgan tashkilotlarga byurokratiya va qog‘ozbozliksiz, mobil ilova orqali mehnat shartnomalarini onlayn tuzish va bekor qilish imkoniyati yaratiladi.
Botir Zohidov, shuningdek, ko‘plab korxonalar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida malakali mutaxassislarning jiddiy tanqisligi haqida xabar berayotganini aytdi.
Xalqaro tashkilotlar va bizning ichki tadqiqotlarimiz ma’lumotlariga ko‘ra, turli sohalardagi korxonalarning 30 foizdan 60 foizigacha bo‘lgan qismi malakali mutaxassislar yetishmasligini boshdan kechirmoqda”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatning asosiy sabablaridan biri ish izlovchilarni ish beruvchilar bilan bog‘laydigan samarali tizimning yo‘qligidir. Bundan tashqari, kasb-hunar ta’limi mazmuni va mehnat bozorining real talablari o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolmoqda.














