Jizzax viloyatida tuman hokimi qo‘lga olinganidan so‘ng uning nomidan milliard so‘m o‘zlashtirildi
DXX xodimlari Sharof Rashidov tumani hokimini pora olayotganda qo‘lga olgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda pora bilan qo‘lga tushgan Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi nomidan u qo‘lga olinganidan keyin ham farmoyishlar chiqishi davom etayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Hujjatlarning skrinshotlarini ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev e’lon qildi.
Hokim farmonlari ochiq manbalarda mavjud bo‘lib, 2025-yil 8 va 9-iyul kunlariga belgilangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qarorlar bilan joriy ta’mirlash, hokimlik uchun texnika va xo‘jalik mollari xarid qilish, binolarni hayit bayrami munosabati bilan bezatish, shuningdek, futbol maydoni qurish va hududni obodonlashtirish uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari (400 mln) ajratilgan. Barcha hujjatlar Mahmud Xolbo‘tayev tomonidan imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, DXX xabariga ko‘ra, Sharof Rashidov tumani hokimi Sharof Rashidov tumani hokimligining qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi tomonidan tadbirkordan ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat bergani uchun 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Korrupsion bitimning umumiy summasi 30 ming dollarni tashkil etgan.
5-iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan puldan 10 ming AQSH dollarini olib, tuman hokimiga topshirgan. Shuningdek, u 8-iyul kuni tadbirkordan qolgan 20 ming AQSH dollarini ham olib, unga ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat berish uchun hokim tomonidan imzolangan hujjatlarni taqdim etgan. Shundan so‘ng bosh mutaxassis hokimlik binosi oldida tuman hokimi bilan uchrashib, unga 10 ming AQSH dollarini berish jarayonida ularning noqonuniy harakatlariga Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan chek qo‘yildi, deyiladi DXX xabarida.
Viloyat prokuraturasi holatga munosabat bildirib, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlanganini, to‘plangan hujjatlar asosida qonuniy qaror qabul qilinishi nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Izohlar