Sinoptiklar O‘zbekistonda ifloslangan havo bilan bog‘liq vaziyat keyingi hafta oxirigacha saqlanib qolishini kutmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq mutaxassislar ob-havo inversiyasi faqat 24-noyabrgacha davom etishini taxmin qilgan. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, havo qatlamlarining aralashishiga to‘sqinlik qiladigan ob-havo sharoiti uzoqroq davom etishi mumkin. Qayd etilishicha, bu davrda beqaror ob-havo kuzatiladi, ko‘rsatkichlar kun davomida o‘zgarishi mumkin.
Bunda havo sifatining yaxshilanishi havo massalarining o‘zgarishi, shamolning kuchayishi yoki yog‘ingarchilik bilan bog‘liq bo‘ladi. Sinoptiklarning qayd etishicha, kuzatilayotgan holat tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayondir. Vakolatli davlat organlari vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda va zarur hollarda tezkor choralar ko‘rmoqda.
Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov havo sifati yomonlashgani bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan post e’lon qilgandi. Alisher Qodirov mas’ul davlat tuzilmalarini fuqarolarning yomon ekologiya va havo sifati uchun ayblovchi xabarlari tarqalishiga chek qo‘yishga chaqirdi.





















