Buyuk Britaniya ko‘proq o‘zbekistonlik migrantlarni mavsumiy ishlarga yollamoqchi
Tomonlar hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Buyuk Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun mavsumiy ishlarga kvotani oshirishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati.
Angliya poytaxtida agentlik direktori Behzod Musayev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov va Association of Labour Providers bosh direktori Devid Kemp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kompaniya bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan o‘zbek yoshlarini Britaniya korxonalariga ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor.
Uchrashuv davomida Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishchilar dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolari uchun kvotalarni oshirish, yangi mavsumiy operatorlar bilan shartnomalar tuzish, shuningdek, vatandoshlarni xavfsiz va tartibli ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq Migratsiya agentligi kruiz laynerlariga qabul ochgani haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar xizmat ko‘rsatish sohasida ish tajribasiga ega 21 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayollarni qidirmoqda.
Izohlar