O‘zbekistonda avtomobillarga gaz ballonlarini o‘rnatishda texnik pasportni almashtirish amaliyoti bekor qilinadi, deyiladi prezident qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chora 2025-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi. Qayd etilishicha, endilikda transportda gaz ballonlarini qayta jihozlash bo‘yicha barcha ma’lumotlarni saqlash va almashish onlayn tarzda tashkil etiladi. Shu bilan birga, yangi ballonni o‘rnatish uchun ruxsatnomani onlayn olish ham mumkin bo‘ladi.
Xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ariza to‘ldirib, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborish orqali rasmiylashtirish mumkin.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondagi AGTKShlar faoliyati real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Tizim tabiiy gaz hisobini yuritadi, xodimlar faoliyatini nazorat qiladi va haydovchilarni nomaqbul yoqilg‘i haqida ogohlantiradi.
Ilgari xabar qilinganidek, Farg‘ona viloyatida mahalliy aholi yuzlab gaz ballonlarini o‘g‘irlab ketgan. Qonunbuzarlar portlash xavfi yuqori bo‘lgan idishlarni turar-joy binosining yerto‘lasida saqlashgan.





















