13-dekabr kuni Yashnobod tumanidagi “Aviasozlar” bozori hududida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan FVB birlamchi ma’lumot berdi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, soat 01:30 da bozor hududidagi ma’muriy binoda yong‘in sodir bo‘lgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 01:34 da yetib borgan, hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Yong‘in oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Vaziyat Toshkent shahar FVB tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
“Aviasozlar” (Kadisheva) bozori oshxonalar va qahvaxonalar joylashgan tomondan yonib ketgan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in portlash ovozi eshitilgandan keyin kuchaygan, bozor ustida vertolyot uchib o‘tgan. Yong‘in soat 03:03 da o‘chirilgan, tan jarohati olganlar yo‘q.






















