Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qizni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlash maqsadida unga jismoniy va ma’naviy bosim o‘tkazilayotgani aks etgan video tarqaldi. Andijon viloyati IIB matbuot xizmati holatga izoh berdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, videoda tasvirga olingan qizlarning shaxsi aniqlangan va hodisa Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. U yerda muqaddam sudlangan 21 yoshli qiz 17 yoshli tanishini uylardan birida ushlab turgan. Tartib posbonlari qizga muntazam ravishda ruhiy bosim o‘tkazilganini, shuningdek, uning telefonini tortib olib, keyin uni sotishganini aniqladi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a” bandi (Jismoniy azob berib, qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 135-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari (O‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali sodir etilgan odam savdosi) va 166-moddasi 2-qismi “a” bandi (Hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib sodir etilgan talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs qamoqqa olingan.

Bundan tashqari, agentlikning ma’lum qilishicha, ayni paytda jabrlanuvchi qizga Ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.