Hodisa

Toshkentda qiz harakatlanayotgan avtomobildan sakrab tushdi — video

Haydovchi shu zahotiyoq tanishini majburlab orqaga itarib yubormoqchi bo‘lgan va vaziyatga IIB xodimlari aralashgan.

8-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda qizning harakatlanayotgan avtomobildan sakrayotgani aks etgan video tarqaldi. IIBB hodisa yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 7-iyul kuni soat 11:00 larda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik ko‘chasida sodir bo‘lgan. 25 yoshli avtomobil haydovchisi va uning 19 yoshli tanishi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Oqibatda qiz harakatlanib ketayotgan Nexia’ning eshigini ochib, yo‘lning qatnov qismiga sakragan.

Kadrlarda erkak darhol mashinadan tushib, qizni mashinaga zo‘rlik bilan tiqmoqchi bo‘lganini ko‘rish mumkin, biroq guvohlar unga to‘sqinlik qilishgan. Ushbu hududda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari tomonidan jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan.

Dastlabki tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, qizga: peshona va chap yonoq yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, teri osti gematomasi tashxisi qo‘yilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Uning natijalari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi. Fuqarolardan internetda dezinformatsiya tarqatmaslik so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida mast erkak yo‘l-yo‘lakay IIB mashinasidan sakrab tushib, boshqa avtomobil g‘ildiraklari ostiga tushgandi. Shifokorlar jabrlanuvchining hayoti uchun kurashishga harakat qilishdi, ammo uni qutqara olishmadi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная