Toshkentda kelinining ota-onasining uyini bloger Sanjar Karimovga aldab sotgan Shahzod Rismatovga hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda poytaxt sudi matbuot xizmati.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ushbu shaxsni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Shuningdek, sudlanuvchidan J. Y. foydasiga 3,44 mlrd so‘m, jabrlanuvchi S.S. foydasiga 925,76 mln so‘m va uchinchi jabrlanuvchi J.A. foydasiga 464,67 mln so‘m undirish belgilandi.
Shuningdek, idora sud hukmidan norozi tomonlar hukm ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, sudning xususiy ajrimi bilan Shahzod Rismatovning jinoiy ishi bo‘yicha boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi yuzasidan tegishli materiallar Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasiga yuborilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, sud taraflarga tuzilgan uy-joy oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida ariza berish huquqini tushuntirdi.
Eslatib o‘tamiz, sudda Shahzod Rismatov ishtirok etgan barcha epizodlar ko‘rib chiqilgan. Sudlanuvchi faqat oxirgi uchta ayblov bo‘yicha o‘z aybini tan oldi. Sud majlisida ikki nafar jabrlanuvchi sudga mablag‘lari qaytarilsa, hech qanday e’tirozlari bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Hozirda jabrlanuvchilar bilan qarz mablag‘larini qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Ayblanuvchi esa o‘z qaylig‘ining uyini oldi-sotdi qilish haqidagi ayblovlarga qo‘shilmadi. U dalil sifatida taqdim etilgan audioyozuvlar ataylab kesib tashlangani va yopishtirilganini ta’kidlab, ekspertizaga yuborishni so‘radi. Bu haqda sudlanuvchining advokati iltimos qilib, ishni tergovga qaytarishni so‘ragan.






















