Toshkent aeroporti chegara postida Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari yirik partiyadagi dori vositalarini mamlakatga yashirincha olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinishning oldini oldi.
Dehlidan kelgan yo‘lovchilardan biri ayni shu vaqtda aeroportga Umra ziyoratchilari qaytayotganini payqagan. U ziyoratdan qaytgan yo‘lovchilar bojxonada tekshirilmaydi, degan qarorga keldi. Yo‘lovchi aeroport hojatxonasida kiyimini o‘zgartirib, o‘zini ulardan biri sifatida ko‘rsatishga uringan.
Biroq uning yuklari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda xodimlar tomonidan umumiy qiymati qariyb 205 mln so‘mlik 1798 o‘ramga yaqin turli dori vositalari borligi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yuzdan ortiq fuqaro xavfli dorilar tufayli vafot etgan. Deputatlar dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytiradigan qonun loyihasini qabul qildilar.























