Toshkent aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari odam savdosiga urinishning oldini oldi
Samarqandlik ayollar Hindistonga ishga joylashish niqobi ostida qizlarni jinsiy qullikka yuborishga uringan.

Toshkent aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari odam savdosiga urinishning oldini oldi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, Oqdaryo tumanida yashovchi ikki ayol moddiy yordamga muhtoj qizlarni topib, ularga xorijda yaxshi daromad topish imkoniyatlari haqida gapirib bergan. Shundan so‘ng jinoyatchilar aldov yo‘li bilan qizlarni Hindistonga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborishgan.
Ular Hindistondagi sheriklari orqali 23 va 25 yoshli ikki qizni jinsiy qullikka yuborishni rejalashtirgan. Gumonlanuvchilar aeroportda qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, odam savdosida ayblangan fuqaro Ummondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi. Ayol Toshkent ayeroportida o‘zbekistonlik huquq-tartibot xodimlariga topshirildi.
Izohlar