Hodisa

Tojikistonda yuz bergan dahshatli YTHda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Yirik yo‘l-transport hodisasida uchta avtomobil to‘qnashib ketgan.

Tojikistonda uchta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan yirik YTH oqibatida yetti kishi, jumladan, ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 28-iyun kuni Dushanbe—Xo‘jand—Chanoq avtomobil yo‘lining 332-kilometrida, Dadaboy Xolmatov qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik Volkswagen rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, Toyota Corolla bilan to‘qnashgan, so‘ng qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Mercedes-Benz’ga borib urilgan.

Hodisa oqibatida Volkswagen haydovchisi va yo‘lovchisi — O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, Mercedes haydovchisi va uning to‘rt nafar yo‘lovchisi, jumladan, ikki nafar bola olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Yana uch kishi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ular orasida Toyota haydovchisi va voyaga yetmagan yo‘lovchisi, shuningdek, Volkswagen avtomobilida bo‘lgan ikkinchi kishi ham borligi aniqlangan. Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan avariya sabablari va holatlari aniqlanmoqda. Yo‘l-transport hodisasi yuzasidan tergov boshlandi.

Avvalroq Rossiyada o‘zbekistonlik oila yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Tirik qolgan bolani tug‘ishgan xolasiga topshirish uchun vataniga qaytarishgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная