Surxondaryoda DXX xodimlari islomiy ekstremistlarni qo‘lga oldi
Jinoyatchilar qo‘lbola portlovchi moddalarni tayyorlashni o‘rganishgan va “shahid” bo‘lish uchun Suriyaga borishni muhokama qilishgan.

Surxondaryo viloyatida DXX xodimlari “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti tarafdorlarini qo‘lga oldi.
Qo‘lga olinganlar orasida muqaddam shu jinoyat uchun sudlangan fuqarolar ham bor. 2021-yilda ular shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. Guruh 2024-yilda tashkil etilgan. Viloyatning tog‘oldi hududlarida dam olish bahonasida ishtirokchilar diniy yig‘inlarga to‘plangan.
Ular terrorchi tashkilotlar mafkurachilarining va’zlarini tinglashdi. Jinoyatchilar, shuningdek, Suriyaga jangovar harakatlarda qatnashish va “shahid” bo‘lish uchun o‘zini portlatish uchun borishni muhokama qilishgan.
Bundan tashqari, ular “Tavhid va jihod katibasi” yollovchilari bilan bog‘lanib, ulardan qo‘lbola portlovchi va zaharli moddalar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar olishgan. Jinoiy guruhning to‘rt nafar a’zosi Suriyaga borib, jangarilar safiga qo‘shilishga ulgurgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.
Ayrim fuqarolarga nisbatan insonparvarlik tamoyillari va kechirimlilik siyosati qo‘llanildi. Shu bilan birga, guruhning 20 nafar faol a’zosi quyidagi moddalar bo‘yicha 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi:
- 155 (Terrorizm);
- 155-2 (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida ta’lim olish, chiqish yoki harakatlanish);
- 155-3 (Terrorizmni moliyalashtirish);
- 159 (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish);
- 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish);
- 244-2 (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish).
Eslatib o‘tamiz, Litva O‘zbekistondan kelgan muhojirlardan voz kechmoqchi. Mamlakat bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, bunga Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy jihatdan uzoqligi, ularning islomiy radikalizmga moyilligi va terrorizm xavfi sabab bo‘lgan.
Izohlar