10-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida yirik yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat FVB hodisa yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in 9-noyabr kuni soat 08:02 da Qarshi shahar Cho‘lquvar MFY Islom Karimov ko‘chasida joylashgan tikuvchilik sexi hududidagi kafeda sodir bo‘lgan. Voqea joyiga 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 2 ta maxsus texnika yetib borgan.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in soat 09:59 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in sabablari va moddiy zarar miqdori ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida yirik o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgandi. Yong‘in 69 yoshli fuqaro tomonidan ichimlik suvi quvurini payvandlash vaqtida xavfsizlik texnikasi buzilishi oqibatida kelib chiqqan.




















