Interpol tomonidan qidiruvda bo‘lgan uch nafar ayol Ummondan O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Firibgarlik va odam savdosida ayblanib qidiruvda bo‘lgan ikki ayol 23-may kuni qo‘lga olindi. Shu kunning o‘zida Interpolning O‘zbekiston Milliy markaziy byurosi xodimlari Maskatga jo‘nab ketdi.

O‘zbekiston Interpol vakillarining ummonlik hamkasblari bilan uchrashuvi chog‘ida odam savdosida gumonlanib, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan yana bir ayol qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ekstraditsiya qilishning soddalashtirilgan tartibini amalga oshirishga kelishib oldi. Ayollar O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi, u yerda ularni sud kutmoqda.

Avvalroq qotillikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Salvadordan topilgani haqida xabar berilgandi. Erkak ekstraditsiya qilinib, Rossiya huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.