Rossiyada to‘qqiz oy ichida eng ko‘p YTH O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida qayd etildi, deb xabar bermoqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi ilmiy markazi matbuot xizmati.
Yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston fuqarolari 827 ta YTH ishtirokchisiga aylandi, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 18 foizga kam. Avariyalar soni bo‘yicha antireytingni Qozog‘iston fuqarolari yakunlamoqda — 128 ta YTH, bu 2024-yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 21 foizga kamaygan.
Vaziyatni “aybdorlik koeffitsiyenti” — haydovchining aybi bilan sodir bo‘lgan YTHlar ulushi orqali baholasak, tojikistonlik haydovchilar yetakchilik qilmoqda. Ular 666 ta avariya ishtirokchisiga aylandi, bu 2024-yilgi darajadan 14 foizga past, hodisalarning 67 foizida ular bevosita aybdor bo‘lgan.
Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda aybdorlik koeffitsiyenti deyarli 65 foizni tashkil etgan O‘zbekiston fuqarolari turibdi. Keyingi o‘rinlarda Armaniston va Ozarbayjon haydovchilari turadi, ularning yo‘l-transport hodisalarida aybdorlar ulushi 64 foizni tashkil etadi. Eng past ko‘rsatkich Belarus fuqarolarida qayd etilgan — 50 foizdan sal ko‘proq.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada migrantlarni mast holda mashina haydagani uchun vaqtincha yashash ruxsatnomasidan mahrum qilish rejalashtirilmoqda. Rossiyalik deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, chora yo‘llardagi YTHlar sonini kamaytirishga yordam beradi.























