O‘zbekistonliklar Chorvoq suv omborining “margimush qabristoni”dan ifloslanishidan xavotir bildirdi
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi mish-mishlarni rad etdi.

30-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “margimush qabristoni” Chorvoq suv omboriga xavf solayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi mish-mishlarni rad etdi.
Bo‘stonliq tumani “Yakkatut” mahallasi hududida 1938–1946-yillarda sobiq “Союзмышьяк” kombinati tomonidan 0,64 gektar maydonda taxminan 40 ming tonna margimush chiqindilari ko‘milgan, ularning atrofi va usti beton quyilgan va shamollatish quvurlari o‘rnatilgan. Beton ustiga 70–80 sm qalinlikda tuproq yotqizilgan.
“Murojaatda margimush qabristoni bo‘yicha bildirilgan xavotirlar 2022-yil holatiga to‘g‘ri keladi. Hozirda qabriston hududi beton devorlar bilan o‘ralgan, konservatsiya qilingan, perimetri bo‘ylab simli metall ustunlar va kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Tarkibida mishyak bo‘lgan chiqindilar poligonini konservatsiya qilish uchun loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ijobiy ekspertiza xulosalari olindi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 9 avgustdagi farmoyishi bilan mablag‘ ajratilib, pudratchi tanlangan. Pudratchi bilan 3 mlrd 984 mln 644 ming so‘mlik ikki tomonlama shartnoma tuzilgan. Ushbu shartnomaga muvofiq, obyektni konservatsiya qilish ishlari 2024-yilda to‘liq yakunlandi.
Loyiha doirasida qabristonning yuqori qismiga toza inert grunt yotqizilib, devorga yomg‘ir va oqova suvlari hamda namlik kirishini oldini olish maqsadida burg‘ulash ishlari olib borilib, ushbu nuqtalarga kimyoviy suyuqlik — suyultirilgan kalsiy xlorid yuborildi, yuqori bosim ostida natriy alyuminat yordamida gruntga inyeksiya qilindi.
Bundan tashqari, Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi bilan birgalikda har chorakda suv va tuproq namunalarini olish bilan muntazam monitoringni tashkil etadi. Bundan tashqari, boshqarma «mishyak qabristoni» bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni taqdim etishga va birgalikda joyida tekshiruv o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq Ekologiya vazirligi Chorvoq suv omboriga oqova suvlar oqizilganini tekshirgani haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar butun hududni o‘rganib chiqishdi va bir nechta suv namunalarini olgan.
Izohlar