O‘zbekistonda qizini zo‘rlagan erkak 12 yilga qamaldi
Bolaga kompleks tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Instagramda otasi tomonidan voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati haqida gapirdi.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, qizaloq dastlab sodir bo‘lgan voqea haqida sukut saqlagan. Holat ijtimoiy xodim tashabbusi bilan tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda oydinlashdi. Shundan so‘ng rasmiy surishtiruv ishlari boshlandi.
Bola vaqtincha oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan, keyin esa onasining qaramog‘iga berilgan. Hozirda unga kompleks tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.
24-iyul kuni sud otani O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Avvalroq Termizda mast erkak qizini zo‘rlamoqchi bo‘lgani va qizaloqqa tegajog‘lik qilgani haqida xabar berilgandi. Erkak o‘n sutka qamoq jazosi bilan qutulgan.
Izohlar