Namanganda 7 yoshli qizni zo‘rlagan pedofilga sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Sud hukmiga ko‘ra, erkak voyaga yetmagan qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 118-moddasi 4-qismi (Nomusga tegish) va 119-moddasi 4-qismi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan aybli deb topilgan.
Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoning dastlabki 3 yilini turmada, qolgan qismini maxsus tartibli koloniyada o‘tash. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandi bilan erkak o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.
Taraflar birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyatsiya/kassatsiya tartibida va qonunda belgilangan muddatlarda Namangan viloyat sudiga shikoyat berishga va protest bildirishga haqli, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zosi Dilnoza Azizova holatga munosabat bildirib, jinoyatchilarning yaxshi xulqi uchun muddatidan oldin qo‘yib yuborilishi holatlarini ham tasvirlab bergan va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan shaxslarga umrbod qamoq jazosini joriy etishni taklif qilgandi.
Deputat “bu birgina pedofilning sharmandaligi emas, tizimning yuzi” ekanini aytib, Dilnoza Azizovaning aytishicha, bunday jinoyatlarni yengil jazolar bilan oqlab, buni “tarbiyaviy choralar” deb ataydi va bolalarni himoya qilish uchun qonunchilikda jazo choralarini kuchaytirish vaqti kelganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, xalq vakilining e’tiborini tortgan voqea Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan edi. 38 yoshli erkak tog‘asining to‘yiga kelgan, u yerda uy egasining yetti yoshli nabirasi ham bo‘lgan. Gumonlanuvchi aldov yo‘li bilan bolani chetga olib chiqib, unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan.
Ayni paytda jabrlangan qizaloq jonlantirish bo‘limida yotibdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining aniqlashicha, qo‘lga olingan shaxs avval ham ikki marta shunga o‘xshash jinoyatlar, jumladan, nomusga tegish va jinsiy zo‘ravonlik uchun qamoq jazosini o‘tagan.
Oliy sudda bir necha bor sudlangan erkak nima uchun muddatidan oldin qamoqdan chiqqani tushuntirildi. Bir necha bor sudlangan jinoyatchi o‘ta og‘ir jinoyati uchun jazoning faqat bir qismini o‘tagan.























